Kontent qismiga oʻtish

Hasanmurod qushbegi masjidi

Koordinatalari: 41°22′47″N 60°21′38″E / 41.37983542747305°N 60.36041835209147°E / 41.37983542747305; 60.36041835209147
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Hasanmurod qushbegi masjidi
Hasan Murod Qushbegi masjidi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Meʼmoriy yodgorlik
Turi Masjid
Manzili „Ichan qalʼa“ mahallasi, Boʻyoqchilar koʻchasi, 35-uy
Shahar Xiva
Mamlakat Oʻzbekiston
Koordinatalar 41°22′47″N 60°21′38″E / 41.37983542747305°N 60.36041835209147°E / 41.37983542747305; 60.36041835209147
Qurilishi boshlangan XVIII asr
Qurilishi tugagan XIX asr
Egasi Davlat mulkiga qarashli
Map
Hasanmurod qushbegi masjidi xaritada

Hasanmurod qushbegi masjidi (yoki Hasan Murod Qushbegi masjidi) — Xorazm viloyatining Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Masjid XVIIIXIX asr boshlarida Bogʻcha darvoza yaqinida qurilgan boʻlib, bugungi kunda u „Ichan qalʼa“ mahallasi, Boʻyoqchilar koʻchasi, 35-uyda joylashgan. Obyekt Ichan qalʼa tarkibiga kiradi va Amir toʻra madrasasi qarshisida qad rostlagan.

Hasanmurod qushbegi masjidi „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulkiga tegishlidir[1].

Tarixi va qurilish uslubi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masjid XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida qurilgan. Binoning qurilishi aka-uka boʻlgan xon qoʻriqchilari boshligʻi Hasanmurod qushbegi va Shoh Niyoz otaliq tomonidan olib borilgan[2][3].

Hasanmurod qushbegi masjidi Amir Toʻra madrasasining roʻparasida va Muso Toʻra madrasasining orqasida joylashgan. Masjid binosi kichik boʻlib, toʻrtburchak shaklda qurilgan. U turar joy binolariga xos kichik, murabba tarhli, bir ustunli ayvon, ikki ustunli xonaqoh va shimoldan unga tutash qoʻshimcha xonalardan iborat, shimoli sharqiy burchagiga minora ishlangan. Bezaklari oddiy. Bino tarzlari gʻishtlardan terilgan va bezaksiz; bino ichi va tekis shifti qizil, qora, moviy va oq ranglarda naqshlangan[4]. Eshiklari islomiy naqshlar bilan bezatilgan. Yodgorlik majmuasiga qishki va yozgi masjidlar kiradi[3].

Hasanmurod qushbegi masjidining asosiy minorasi bugungi kungacha saqlanib qolmagan. Undan faqat fasad qismidagi kirish eshigining chap tomonida joylashgan kichik hajmdagi minoragina saqlanib qolgan va hozirda masjidda yog‘och o‘ymakorligi ustaxonasi joylashgan[3].

1997-yilda Hasanmurod qushbegi masjidi katta restavratsiyadan oʻtkazildi[2]. 2017-yilda „Ichan qal’a“ yodgorlik majmuasida joylashgan Amir To‘ra madrasasi bilan bir qatorda Hasanmurod qushbegi masjidida Xitoy hukumatining 47,6 mln yuanlik (26,4 mlrd. so‘m) mablag‘i evaziga restavratsiya va qayta tiklash ishlari amalga oshirilgan. Ushbu grantning ajratilishi 2016-yilda Madaniyat vazirligi va XXR Savdo vazirligi o‘rtasida imzolangan „Xorazm viloyati tarixiy-madaniy obyektlarini restavratsiya qilish“ bo‘yicha grant ajratish to‘g‘risidagi bitim doirasida amalga oshirilgan[5].

Ichan qalʼa

Bogʻbonli masjid

Juma masjid

  1. „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-oktyabr.
  2. 2,0 2,1 „Достопримечательности Хивы. Мечети“. Qaraldi: 2023-yil 16-oktyabr.
  3. 3,0 3,1 3,2 „Xasan Murod Qushbegi masjidi“. 2023-yil 5-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-oktyabr.
  4. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  5. „Xivadagi tarixiy yodgorliklar Xitoy granti hisobiga restavratsiya qilinmoqda“ (2018-yil 4-iyun). Qaraldi: 2023-yil 16-oktyabr.